O‘zbekiston Milliy banki mamlakatda 3 million ish o‘rni yaratishga mas’ul bo‘ladi. Bu haqda bank boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov juma kuni prezident bilan uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari mutasaddilarga 2025-yilda xizmatlar ko‘rsatish sohasida o‘sishni 15 foizga — 82 mlrd dollargacha yetkazib borish bo‘yicha topshiriq bergan.
Mirsoatovning ma’lum qilishicha, prezident yig‘ilishda O‘zmilliybankning xizmatlar sohasi bo‘yicha alohida vazifalarini aytib o‘tgan. Barcha viloyatlarda 1,5 mln kishi va Toshkent shahrida yana 1,5 mln — jami 3 mln kishini ish bilan band qilish shular jumlasidandir.
Davlat rahbari xizmat ko‘rsatish va servis sohasida o‘sish sekinlashgan va 10 foizdan past bo‘lgan 19 ta tumanni belgilab bergan. Ularning o‘sishini tezlashtirish uchun alohida dasturlarni ishlab chiqish buyurilgan.
2025-yilda xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga 75,3 mingta loyihani moliyalashtirish uchun 67 trln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
“Albatta, ularni o‘z vaqtida moliyalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha O‘zmilliybankka alohida topshiriqlar berildi”, — dedi Mirsoatov.
Bankning NBU Invest Group investitsiya kompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri developerlardan tijorat ko‘chmas mulklarini sotib olish va uni tadbirkorlarga “qulay shartlarda” ijara yoki lizingga berish uchun 500 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
“Ko‘p qavatli binolarning birinchi qavatlarida noturar savdo va servis xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha Milliy bank tomonidan xizmat ipoteka kreditlarini joriy etish vazifasi yuklatildi. Buning uchun bank tomonidan 500 mlrd so‘m ajratilib, 150 ming kishi ish bilan ta’minlanadi”, — dedi bank rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda banklar developerlardan tijoriy ko‘chmas mulklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olib, ularni tadbirkorlarga ijara yoki lizingga berishi mumkinligini aytgandi. Bu orqali 50 ming kvadrat metrli noturar joylar muomalaga kirishi, budjetga 70 mlrd so‘m tushum tushishi va 100−150 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovga ishlab chiquvchilar bilan birgalikda umumiy qiymati 4 trln so‘m bo‘lgan loyihalar paketini tayyorlash, ular doirasida ularga biriktirilgan tarmoqlarda tijorat ko‘chmas mulklarini ijaraga berish bo‘yicha topshiriq berildi.