Komil Allamjonov unga suiqasd uyushtirishda ishtirok etganlarga sud hukmi o‘qilganidan so‘ng voqea bo‘yicha Telegram kanalida post qoldirdi.

“Katta oyim rahmatlik har doim duo qilganlarida, o‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan Allohning o‘zi asrasin derdilar. O‘tgan 5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon. Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham”, — deya yozdi u.

“Allohga ming shukur. Bandasidan qochganlar Yaratgandan qocholmaydi. Hali oldinda qiladigan ishlar, yana ko‘p sinovli kunlar bor. Ilohim bularning hammasidan yorug‘ yuz bilan o‘tish nasib qilsin! Alloh hammamizning omadimizni bersin”, — deya postini tugatgan Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, e’lon qilingan sud hukmiga muvofiq, suiqasdda ishtirok etishda ayblanuvchilar — Shuhrat Rasulovga (2018 — 2020-yillarda Prezident davlat xavfsizlik xizmatining o‘z xavfsizligi boshqarmasini boshqargan) 23 yil, Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, Shoxrux Axmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil va Doniyor Tashxodjayevga (Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari) 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga “qilmishiga muvofiq ravishda” turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berildi. Oliy sud xabarida ularning ismlari ochiqlanmagan.

Komil Allamjonov ishi

26-oktabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida temir yo‘l kesishmasi yaqinida ikki noma’lum shaxs Komil Allamjonov o‘tirgan Range Rover rusumli avtomobilga bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. Haydovchi va sobiq amaldor jarohat olmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27-oktabr kuni ertalab Bosh prokuratura bir gumonlanuvchi hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Bir kun o‘tib yana uch nafar shaxs ushlangani ma’lum qilingan.

Bosh prokuraturaning 25-noyabrdagi xabarida suiqasdda gumonlanayotganlar soni 7 kishiga yetgani, ulardan 2 nafariga qidiruv e’lon qilingani aytilgan. Xususan, ulardan biri Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Yana birining Qozog‘istonda yashiringan manzili aniqlangan.

Qotillikka suiqasd ishi bo‘yicha yana ikki nafar Rossiya fuqarosi — Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovga Interpol orqali qidiruv e’lon qilingan. Ular qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanmoqda.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 26-dekabrdagi postida prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd qilishda “chechen izi” (bu haqda OAV xabar bergan edi) borligini va bu ishga aloqadorligini ikkinchi bor rad etgandi: “Buni suiqasd deb atash qiyin”, deb yozdi u va takrorladi: “Agar buni men tayyorlaganimda edi, ishni oxiriga yetkazgan bo‘lardim… Men haqimda bunday yomon fikrda bo‘lmang”.

U, shuningdek, Komil Allamjonov va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga tahdid qilgan. Deputat Odiljon Tojiyev Checheniston rahbarining tahdidlarini qoralagan.

11-yanvar kuni O‘zbekiston Harbiy sudi Allamjonovga suiqasd bo‘yicha jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagandi. Mahkama mutlaqo maxfiy boshlangan, deya yozgandi huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

Komil Allamjonov yaqin vaqtgacha Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari, bungacha Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori, prezident matbuot kotibi lavozimlarida ishlagan.