Jurnalist Anora Sodiqova Mufasa taxallusi bilan tanilgan bloger Mirsaid Haydarov ustidan sudga murojaat kiritdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Anora Sodiqova o‘z murojaatida bloger Mufasa tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi turli anonim kanallarda o‘z sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgani va tuhmatga uchragani haqida bayon qilgan. Fuqarolik kodeksining 100-moddasi (Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish) asosidagi shikoyat fuqarolik sudiga yuborilgan.
“Anoraning sudida ko‘pchilik bo‘lib, uni qo‘llaymiz. Ehtimol, yetarli darajada natijalarga erisha olmasmiz, ammo nimalar bo‘layotganini maxsus xeshteg va chellenj orqali imkon qadar ko‘rsatib boramiz. Faollar bilan boshlayotgan bugungi chellenjimizni shartli ravishda #qoyalar_va_soyalar deb ataymiz. Faollardan mazkur jarayonda avvalo, amaldagi qonunchilik talab va me’yorlariga amal qilish, milliy manfaatlarimizni inobatga olib, qadriyatlarimizga hurmat ruhida yondashishga chaqiraman. Zotan, qoyalar va soyalar kurashi abadiy jarayondir”, — deb yozadi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.
Anora Sodiqova jurnalistlarni so‘kkan va ularni xorijga agentlik qilishda ayblagan bloger qonun oldida javob berishini talab qilmoqda.
“Sudga berish eng to‘g‘ri qaror deb bildim. Hech bir asosli vaj-karsoni bo‘lmaganlar turli bo‘hton, tuhmat, haqorat, shantajlik qilishda davom etmoqda. Ojizlikning belgisi — shu. Mayli, xuddi shunday bo‘htonlar bilan davom eting. Menga esa har bir so‘zingiz hujjat bo‘lib kelaversin. Agar men zarracha nohaq bo‘lganimda, zarracha davlat qonunlariga itoatsizlik qilganimda, bilasizmi bular meni ne ko‘ylarga solmasdi. Bilamizku qonunlar bizga qarshi chaqqonroq ishlaydi”, — deydi jurnalist.
Uning ta’kidlashicha, bloger Musafa ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga ariza berilgan.
“Hukumat vakillari haqoratlansa doim tez chora ko‘riladi. Adliya [vazirligi]ni obro‘sizlantirganlar javobgarlikka tortildi. Militsiya xodimlarini „ment“, deya haqoratlaganlar hatto tiz cho‘ktiriladi. Ammo, jurnalist kasbini haqorat qilganlarga nega chora ko‘rilmasligi kerak? Mirsaid Haydarov va trollar armiyasiga qarshi ishda men bilan birgamisiz?!”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov “Gazeta.uz”ga da’vogar Anora Sodiqova fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga javobgar Mirsaid Xaydarovga nisbatan majburiyat yuklash hamda ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilganini tasdiqladi.
Aziz Abidov mazkur fuqarolik ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisi 2025-yil 26-fevral kuni soat 10:30 ga tayinlanganini ma’lum qildi.