Armaniston parlamenti “Armaniston Respublikasining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi, deb xabar berdi News.am.

Tegishli qonun loyihasini Milliy Majlisning 63 nafar deputati yoqlab, yetti nafari qarshi ovoz berdi. “Armaniston” muxolifat fraksiyasi ovoz berishni boykot qildi.

Tashabbus yakuniy tarzda ma’qullangan taqdirda, mamlakatlar hukumati Yevropa Ittifoqi bilan Yevropa integratsiyasi jarayonining yo‘l xaritasini muhokama qilishni, keyin esa mamlakatda referendum o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

9-yanvar kuni qonun loyihasi Armaniston hukumati tomonidan ma’qullangandi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qonun loyihasi “Armanistonning Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri a’zoligini anglatmasligini” va bu masala bo‘yicha qaror “faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkinligini” ta’kidlagan. “Qonun qabul qilingandan so‘ng biz YeI bilan ular tasavvur qilgan va biz tasavvur qilgan yo‘l xaritasini muhokama qilishimiz kerak”, — degan Pashinyan.

Qonun loyihasini ko‘rib chiqish tashabbuskori “Demokratik kuch platformasi” bo‘lib, u ikki oy ichida 60 ming (qonun talab qilgan 50 ming) imzo to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu imzolar loyihani parlamentga ko‘rib chiqish uchun kiritishda talab etilardi.

Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni mustahkamlash istagi haqida Armaniston hukumati 2024-yil fevral oyidan beri gapirmoqda. O‘tgan yilning mart oyida Armaniston TIV rahbari mamlakatda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyati faol muhokama qilinayotganini aytgandi. Iyul oyida Yevropa Ittifoqi Armaniston bilan vizasiz rejim bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligi ma’lum bo‘lgan.