Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi yanvar oyida o‘tkazgan yig‘ilishlarda 10 ta bankni jarimaga tortdi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.
Qo‘mita mazkur oyda jami 9 ta yig‘ilish o‘tkazib, 44 ta masalani ko‘rib chiqqan va tegishli qarorlar qabul qilgan. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (11 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (14 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, Start Kapital Invest kredit uyushmasini tugatish ishlari yakunlangani munosabati bilan u Kredit uyushmalarining davlat reyestridan chiqarildi.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 8 ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari, mikromoliya tashkiloti va to‘lov tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganish hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilinishi ham muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, jumladan, MB ko‘rsatmalari va qonunchilik talablariga rioya qilinmagani uchun 1 ta to‘lov tizimi operatori chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik, MB tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 10 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi.