Jizzaxda fuqaro 19 tup daraxtni noqonuniy kesib tashladi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 18-dekabr kuni fuqaro T.A. tomonidan Zarbdor tumanidagi “Keriz” qabristoni hududidan qimmatbaho (manzarali) bo‘lgan 17 tup past bo‘yli qayrag‘och va 2 tup ko‘k terak daraxtini noqonuniy kesishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 435 mln 750 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasining tezkor nazorat guruhi xodimlari tomonidan Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l dam olish maskani hududida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirida Karmana tumanida yashovchi fuqaro O.S. 2 tup jiyda, 1 tup qayrag‘och va 1 tup aylant daraxtlarini hech qanday ruxsatsiz tag qismidan kesib tashlangani aniqlandi.

Holat bo‘yicha huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1- qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 9 mln 375 ming so‘m jarima hamda 43 mln 125 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi.