O‘zbekistonda sudlar nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi kutilmoqda. Bu haqda Senat qo‘mitasida muhokama qilingan qonun loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, 11-fevral kuni parlament yuqori palatasining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tgan. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, shuningdek, hududlardan mahalliy komissiyalar hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan.
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Majlisda “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilingan.
Qonun bilan Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi, shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Hujjat loyihasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.
Jumladan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda.
Nikohdan ajratish masalasi o‘z vaqtida hal qilinmasligi ayrim hollarda ayollarning o‘z joniga qasd qilishi, bevaqt o‘limi kabi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda, deyiladi qo‘mita xabarida.
Ta’kidlanishicha, bu normaning amaliyotga joriy etilishi muntazam tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘lgan nizoli oilalarda og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lishining oldini oladi.
Bundan tashqari, qonun bilan Uy-joy kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra, turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.