AQSh terma jamoasida 5 yildan buyon dona surib kelayotgan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Toxirjonova O‘zbekiston terma jamoasiga qaytdi, deya xabar bermoqda Shaxmat federatsiyasi.

2016-yilda ayol grossmeyster, 2024-yilda xalqaro sport ustasi unvonlariga erishgan sportchi nima sababdan vataniga qaytgani haqida savolga javob berarkan, O‘zbekistonda barcha sohalar qatori shaxmatga ham katta e’tibor qaratilayotgani, shaffoflik, ochiq siyosat, adolatni tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlar shaxmatda ham bilinayotganini ta’kidladi.

“Buni xalqaro maydonlardagi shaxmatchilarimiz yutuqlaridan ham ko‘rishimiz mumkin. Men turli sabablar bilan besh yil oldin Amerika terma jamoasiga ketganman va u yerda yaxshi natijalarga erishdim. Lekin har doim opam va mening niyatim o‘zimizning terma jamoada o‘ynash, terma jamoamizni kuchaytirish bo‘lgan. Juda ham xursandman. Birinchi taklif bo‘ldi va qaytib keldim”, — dedi u.

Gap pulda yoki va’dalarda emas, men doim vatanimiz bayrog‘i ostida qatnashishni xohlaganman. Lekin orada shunday davr bo‘ldiki, ketishga majbur bo‘ldim. Agar men O‘zbekistonda muhit o‘zgarganini, Shaxmat federatsiyasida sportchilarga e’tibor paydo bo‘lganini his qilmaganimda qaytmas edim”, — deya Gulruhbegimning so‘zlarini keltiradi Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram kanalida.

Foto: Xushnudbek Xudoyberdiyev / Telegram.Foto: Xushnudbek Xudoyberdiyev / Telegram.

“Mazkur qaror O‘zbekiston shaxmatini jahon miqyosida yanada kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Uning tajribasi, mahorati bilan o‘zbek shaxmati yangi cho‘qqilarni zabt etadi”, — deya ta’kidladi federatsiya.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning sentabr oyida shaxmat Olimpiadasida qatnashgan sportchilarni Toshkentda kutib olish chog‘ida federatsiya raisi Alisher Sa’dullayev Tohirjonovani O‘zbekistonga qaytarish harakatida ekanini aytgandi.

“…Yuzi yorug‘ bo‘lib, O‘zbekiston terma jamoasida 2026-yili [Toshkent mezbonlik qiladigan] shaxmat Olimpiadasida ishtirok etsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Gulruhbegim O‘zbekiston terma jamoasini nega tark etgandi?

Shaxmat federatsiyasi bilan mojarodan so‘ng AQSh terma jamoasida o‘ynay boshlagan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova 2022-yil yanvaridagi videomurojaatida federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosari, iste’fodagi DXX generali Husan Turdialiyev sabab O‘zbekiston terma jamoasini tark etganini aytgandi.

“Ha, haqiqatdan ham mening ketishimga Husan Turdialiyev va uning xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Birinchidan, men va opa-singillarimga (Hulkar Tohirjonova va Nafisa Mo‘minova — tahr.) terma jamoa safida O‘zbekiston sharafini himoya qilishimizga ruxsat berilmadi, bizda musobaqalarda bir vaqtning o‘zida yurt sharafini himoya qilish imkoni yo‘q edi. Moliyaviy nuqtai nazardan, federatsiya 15 yil davomida bizni hech qanday tarzda qo‘llab-quvvatlamadi”, — degandi u o‘z videomurojaatida.

“O‘z vatanim sharafini himoya qilishdan juda xursand bo‘lardim, ammo hozirgi sharoitda shaxsiy rivojlanish uchun mamlakatni tark etishga qaror qildim. Agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, albatta, qaytib kelib, vatanim sharafini himoya qilaman”, — deya qayd etgan u.

Hulkar Tohirjonova 2021-yil boshida shaxmatchi opa-singillar va Shaxmat federatsiyasi o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar Husan Turdialiyevning qizi ham shaxmatchi ekanligi bilan bog‘liqligi haqida xabar bergandi.

“Muammolarimiz 2000-yillarda boshlangan. Chunki u bilan bir yosh toifasida o‘ynaganmiz. Har doim undan yutib olardik va hech qachon kelishuv asosida yutqazib bermaganmiz. Kimdir unga ochkolarini berdi, lekin biz bermadik. Hammasi shundan boshlangan”, — deya ta’kidlagan u.

Tohirjonova 2022-yili Hindistonda o‘tkazilgan Olimpiadada O‘zbekistonga qarshi dona surmagan, 2024-yilgi shaxmat Olimpiadasida ham shunday yo‘l tutgan.