Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Namangan viloyatida 2024-yilning birinchi yarmida maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun asossiz to‘lovlarni aniqladi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Qo‘mita hududiy bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Namangan Musaffo Iqlim va Toza Hudud korxonalari 10 ta tumandagi 1,1 milliondan ortiq iste’molchidan amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 18 milliard so‘mdan ortiq undirgani aniqlandi.

Maxsus komissiya mazkur xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19 va 21-moddalari talablarini buzganlik yuzasidan ish qo‘zg‘atib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

2024-yildayoq fuqarolarning murojaatlari asosida Namangan Musaffo Iqlim faoliyatida qonunbuzarliklar aniqlangan. O‘shanda korxonaga 762 512 nafar iste’molchiga 11 milliard so‘mni qaytarish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Shunga o‘xshash holatlar boshqa kompaniyalar bilan boshqa hududlarda ham qayd etilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatida Toza Hudud tashkilotining Guliston filiali tomonidan 2023-yil va 2024-yilning 4 oyi davomida 41,9 ming iste’molchidan 260,6 million so‘m qarzdorlik noqonuniy ravishda undirilgan. Tekshiruv natijasida summalar qayta hisoblab chiqilgan.

Farg‘ona viloyatida ko‘plab xonadonlardan 2023-yil va 2024-yilning birinchi yarmida ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qarzdorlik undirilgan. Tekshiruvlar natijasida iste’molchilar foydasiga 40 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida Toza Hudud tashkiloti 51 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 144,8 ming iste’molchidan noqonuniy ravishda 528,6 million so‘m undirgani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi oxirida Qonunchilik palatasi maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun qarzlar mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan edi. Deputatlar o‘zgartirishlarni faol muhokama qilgan va yakunda cheklovlar joriy etilgunga qadar qarzni to‘lash uchun 5 kun vaqt berishga qaror qilingan.

Moliyachi Otabek Bakirov Raqobat qo‘mitasi aholidan murojaatlar bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, har bir tumandagi chiqindi chiqarish xizmatlari faoliyatini to‘liq tekshirishi shartligini ta’kidladi.

“Chiqindi xizmatlarini ko‘rsatish to‘liq shartnomaviy rejimga o‘tkazilmaguncha, jarayon to‘liq raqamlashtirilmaguncha, „chiqindi“ qonuni (yuqorida qayd etilgan chiqindi to‘lovi va elektr o‘rtasidagi bog‘liqlik to‘g‘risidagi qonun nazarda tutilmoqda — tahr.) ishga tushirilmasligi zarur”, — deb yozdi u Telegram kanalida.

Moliyachi, shuningdek, millionlab iste’molchilar bilan hatto shartnomalar ham tuzilmagan holatda qanday qilib chiqindi qarzlarini elektr to‘loviga bog‘lash mumkinligini so‘radi.