Vazirlar Mahkamasida 12-fevral kuni “2025−2026-yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025−2026-yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi hamda 3−7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:

  • aholining yashash darajasi va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan (kambag‘al oilalar kam bo‘lgan) mahallalarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar;
  • olis va chekka (tuman va shaharlar markazida joylashmagan) mahallalarda oilaviy nodavlat bog‘chalar;
  • aholining to‘lov qobiliyati past (kambag‘al oilalar nisbatan ko‘p bo‘lgan) hamda demografik o‘sish darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda davlat, shuningdek, xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar;
  • ijtimoiy soha muassasalarining bo‘sh binolarida qisqa muddatli guruhlar.

2025-yil yakunigacha kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini “Yagona mavsumiy taomnoma” bo‘yicha ovqatlantirish, bunga autsorsni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Hududlar kesimida bir bola uchun kunlik xarajat belgilab olinadi. Uning nazorati bilan yangi Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish markazi shug‘ullanadi.

Shuningdek, Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etiladi. Davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Bundan tashqari, hukumat qarori bilan maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilandi. Unga ko‘ra, xodimlar va tarbiyalanuvchilar davomati, oziq-ovqat xarajatlari “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali hisobga olib boriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat budjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratadi.