11-fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonunga ko‘ra, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunlariga fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilishini, bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘inlari raislarining 5 yil muddatga saylanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirildi.

Xabarga ko‘ra, qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Qonun amalga kiritilguniga qadar saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari o‘z vakolatlarini ular saylangan 3 yillik muddat tugaguniga qadar amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida fuqarolar yig‘ini raislari — mahalla raislarining vakolat muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qonun birdaniga uch o‘qishda qabul qilingandi.

Deputat Abdulla Aslanovning aytishicha, qonun loyihasi bir guruh deputatlar tashabbusi doirasida prezidentning 2023-yil 21-dekabrdagi qarori, shuningdek, prezident administratsiyasining 2024-yil 31-dekabrdagi xati asosida ishlab chiqilgan.

Aslanov fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining saylov mexanizmlari nuqtai nazaridan Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Isroil, Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning xorijiy tajribasi o‘rganilganini ta’kidlagan.

Deputatlardan biri mahalla qo‘mitalari raislari saylovi qaysi manbalardan moliyalashtirilishini so‘radi. Abdulla Aslanov mahalla raislarining navbatdagi saylovi 2025-yilning may oyida o‘tkazilishi belgilanib, ushbu saylovni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti smetasiga kiritilganini aytgan.

Qonun loyihasi Senatning 25-yanvar kungi uchinchi yalpi majlisida ham atroflicha muhokama qilinib, qabul qilingan. Jarayonda senatorlar tomonidan mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini va saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etishga xizmat qilishi aytib o‘tilgan.