Umra va Haj ziyoratiga boruvchilar uchun meningitga qarshi emlanish talabi bekor qilingani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Saudiya Arabistoni Qirolligi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2025-yildan boshlab Umra va Haj uchun keladigan barcha ziyoratchilarning meningit infeksiyasiga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi hujjati bo‘lishi shartligini talab qiluvchi me’yoriy hujjat chiqargan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda aholi o‘rtasida va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur talab — meningitga qarshi vaksina olish bekor qilingani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Sanepidqo‘mita mamlakat Umra va Haj ziyoratlariga boruvchilarda meningit kasalligiga qarshi emlanganlik haqida hujjat bo‘lishi zarurligini rasman bekor qilmaganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonga yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etiladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, joriy etilgan tartib-qoidaga ko‘ra, emlanish podshohlikka kirishdan kamida 10 kun oldin amalga oshirilgan bo‘lishi lozim. Emlanganlik sertifikatining amal qilish muddati 3 yilni tashkil etadi.

Meningit o‘zi qanday kasallik?

Meningit — bu miya va orqa miyani qoplab turuvchi yupqa pardalaridagi yallig‘lanish bo‘lib, u viruslar, bakteriyalar, zamburug‘lar yoki boshqa infeksiyalar orqali kelib chiqishi mumkin. Kasallik kuchli bosh og‘rig‘i, yuqori harorat (isitma), qusish va ko‘ngil aynish, hushdan ketish kabi alomatlar bilan seziladi.

Soha mutaxassislarining bildirishicha, ushbu infeksiya havo orqali yuqadigan kasallik bo‘lib, unga chalingan shaxs aksirsa yoki yo‘talsa infeksiya butun atrofga tarqaydi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.

Shu bois ziyoratchilar odamlar gavjum joylarda himoya niqoblaridan foydalanishlari, shaxsiy gigiyenaga rioya qilishlari va kasallikdan saqlanish ehtiyot choralarini ko‘rishlari tavsiya etiladi.