O‘zbekistonda bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida ko‘rsatishga vakolatli bo‘lgan mikromoliya banki instituti joriy etiladi. Bu 11-fevral kuni imzolangan “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida [O‘RQ-1026-son] belgilandi.

Qonun Senatda 24-yanvar kuni ma’qullangandi.

Qonun mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasida ularni bog‘lovchi “zanjir”ni shakllantirish, shuningdek mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar, shu jumladan depozitlar jalb etish imkoniyati yaratiladi.

Qonun bilan mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga va mikromoliya banklarini tijorat banklariga hamda aksincha transformatsiya qilish uchun huquqiy asos yaratilmoqda.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan tuzatishlarga ko‘ra mikromoliya banki instituti joriy etilmoqda. Xususan, mikromoliya banki — bu ayrim cheklovlarni inobatga olgan holda bank faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs bo‘lib, mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari zanjirini bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Ushbu bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘mni tashkil etishi shartligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, mikromoliya banklarining faoliyatini kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadida mikromoliya bankka bank faoliyatini amalga oshirishda ayrim cheklovlar ham belgilanmoqda. Ularga ko‘ra mikromoliya banklarida:

  • jismoniy shaxslardan omonatga jalb qilingan pul mablag‘lari miqdori qonunchilikda belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmasligi;
  • bir qarz oluvchi yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng ko‘p miqdori 5 mlrd so‘mdan oshmasligi;
  • tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ajratilgan kreditlarning kredit portfelidagi ulushi 70 foizdan kam bo‘lmasligi;
  • chet el banklarida hisobvaraqlar ochish, chet el fuqarolari va yuridik shaxslariga ularning majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berish hamda mijozlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanganligi;
  • qarz qimmatli qog‘ozlariga investitsiyalar banklarning likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar doirasida faqatgina Markaziy bank tomonidan belgilangan yuqori likvidli qarz qimmatli qog‘ozlariga yo‘naltirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yana bir qo‘shimchaga ko‘ra, quyidagi kredit tashkilotlari o‘z faoliyatini o‘zgartirishi mumkin:

  • mikromoliya tashkiloti — mikromoliya banki faoliyatiga;
  • mikromoliya banki — bank faoliyatiga;
  • bank — mikromoliya banki faoliyatiga;
  • mikromoliya banki — mikromoliya tashkiloti faoliyatiga.


“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani Markaziy bank tomonidan berish belgilandi.


Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.