Toshkent viloyatida o‘z xotinini o‘ldirishda gumonlanayotgan erkak qo‘lga olindi, deya ma’lum qildi “Millar” teledasturi reportajida.
Aniqlanishicha, 1997-yilda tug‘ilgan ayol o‘limidan 10 kun oldin doimiy janjallar tufayli ayol ota uyiga qaytib kelgan. 8-fevral kuni tunda 1992-yilda tug‘ilgan eri ayolning ota-onasinikiga kelib, uni mashinasiga o‘tqazib, olib ketgan.
Shundan so‘ng ayolning jasadi Olmaliq shahri hududidan topilgan. Uni o‘ldirishda gumonlangan erkak qo‘lga olingan.
“Uni dardi faqat pul bo‘lgan. Dorisi uchun pul kerak bo‘lgan. Qaynonasi ham doim gijgijlab urdirardi. Qizim ularga pul topib kelishi kerak edi. Ularning boquvchisi edi. Himoya orderi berilganiga qaramasdan uyga bostirib keldi. Unga eng oliy, og‘ir jazo berilishini xohlayman. U uyga kelib, qizimni qasddan o‘ldirdi, bolalarni yetim qoldirdi”, — dedi marhumaning onasi.
“Qudam oldiga, er-xotin urishadi, deb borsak, o‘ldirib qo‘ymayapti-ku, deb javob berardi”, — deydi ayolning onasi.
Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan, tergov boshlangan.