Agar HAMAS guruhi 15-fevral kuni tushgacha isroillik garovga olinganlarni ozod qilmasa, Isroil G‘azo sektorida “qizg‘in jangovar harakatlarni” davom ettiradi, dedi mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

“Men qabul qilgan va vazirlar mahkamasi tomonidan bir ovozdan ma’qullangan qaror shunday: agar HAMAS shanba kuni tushgacha garovga olinganlarni qaytarmasa, o‘t ochishni to‘xtatish bekor qilinadi va SAXAL HAMAS yakuniy mag‘lubiyatga uchramaguncha shiddatli janglarni davom ettiradi”, — dedi Netanyahu.

Isroil bosh vaziri guruh garovga olinganlarning qanchasini ozod qilishi kerakligiga aniqlik kiritmadi. Qayd etilishicha, tinchlik kelishuvi shartlariga ko‘ra, shanba kuni garovga olingan uch nafar isroillik qo‘yib yuborilishi kerak. Nashr manbasi avvalroq gap 15-fevralgacha to‘qqiz nafar garovga olinganlarni ozod qilish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp HAMASni shanba kunigacha garovga olingan barcha 76 isroillikni ozod qilishga chaqirgandi. Isroil bosh vaziri o‘z nutqida vazirlar mahkamasi Trampning talabini, shuningdek, uning “G‘azo kelajagi haqidagi inqilobiy qarashlarini” olqishlaganini ta’kidladi. AQSh prezidenti G‘azo sektorini “nazorat ostiga olish” va u yerdan falastinliklarni chiqarib yuborishni taklif qilgan.

Netanyahuning ta’kidlashicha, harbiy-siyosiy kabinet yig‘ilish chog‘ida “o‘tgan shanba kuni ozod qilingan uch nafar garovga olingan asirlarning dahshatli ahvolidan g‘azabga kelgan”.

“HAMASning kelishuvni buzish va garovga olinganlarni ozod qilmaslik qarori haqidagi bayonoti munosabati bilan kecha tunda men SAHALga G‘azo sektori ichida va uning atrofida kuchlarni to‘plash haqida buyruq berdim. Bu operatsiya shu soatlarda o‘tkazilmoqda va tez orada yakunlanadi”, — deya qo‘shimcha qilgan Isroil bosh vaziri.

  • HAMAS 10-fevral kuni garovga olingan isroilliklarning navbatdagi guruhini ozod qilish bekor qilinganini e’lon qildi. Ayirboshlash 15-fevralda amalga oshirilishi kerak edi. Guruh bunday qarorga kelishiga Isroil tomonidan tinchlik kelishuvlarining buzilishi sabab bo‘lganini aytdi. HAMAS Isroilni G‘azo sektori shimoliy qismi aholisining qaytishiga to‘sqinlik qilishda, shuningdek, mintaqaga insonparvarlik yordamini o‘tkazmaslikda aybladi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats HAMASning bayonotini “o‘t ochishni to‘xtatish rejimining to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi” deb atadi.
  • Yanvar oyi o‘rtalaridan beri HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik kelishuvi amal qilmoqda. Uning shartlariga ko‘ra, dastlabki 42 kun ichida HAMAS 33 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga, Isroil esa 1900 dan ortiq falastinlik mahbuslarni qamoqxonalardan ozod qilishga va G‘azo sektoridan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlashga va’da bergan. 9-fevral kuni Isroil o‘z majburiyatlari doirasida G‘azo sektori markazini ajratib turuvchi Netsarim yo‘lagidan qo‘shinlarini olib chiqqan.