Buxoro viloyati Kogon tumanida tadbirkor issiqxonasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura nazorat tadbirlari natijalariga asosan.
K.E.S.S. MCHJ ish yurituvchisi I.M. jamiyatga qarashli issiqxonani tabiiy gaz tarmog‘iga yashirin ravishda ulash orqali foydalanib kelish oqibatida 3,7 milliard so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan jamiyat ish yurituvchisi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuratura tadbirkorlardan faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishni so‘radi va reyd tadbirlari davom etishidan ogohlantirdi.
“Energoresurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari fosh etiladi va jazo muqarrarligi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.