11-fevral kuni Hukumat qarori [78-son] bilan “O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va tadbirkorlik subyektlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.
Nizom o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlar va hunarmandlarning o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish tartibi;
- tadbirkorlar tomonidan maktablarda kasb-hunar to‘garaklarini tashkil etish asoslari;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan binolarini tadbirkorlarga ijaraga berishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi va tadbirkorlarning majburiyatlari.
Kasb to‘garaklariga kasbga qiziqishi bo‘lgan 7−11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi.
2025-yildan 8-sinf o‘quvchilari uchun sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, agrotexnologiya sohalaridagi korxona va tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil etiladi.
2024/2025 o‘quv yili yakunigacha maktablar bitiruvchilarini egallaydigan kasb-hunari bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi joriy etiladi.