Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning boshqaruv shaklini UJMShdan boshqaruv kompaniyalarga o‘zgartirishga majburlashning navbatdagi to‘lqini haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Nima bo‘ldi?

So‘nggi oylarda Toshkentning turli tumanlarida hokimliklar huquq-tartibot idoralari ishtirokida UJMSh rahbarlariga binoni boshqarish shaklini o‘zgartirish yuzasidan bosim o‘tkazayotgani haqida xabarlar kela boshladi. Shunga o‘xshash kampaniya 2023-yilda ham o‘tkazilgan. Ijrochilar shahar hokimining qaroriga havola qilmoqda (u ochiq manbada mavjud emas).

Maksim Chernikovning uy-joy va kommunal sohadagi masala va muammolarga bag‘ishlangan “Ovozli mulohaza” Telegram kanali muntazam sodir bo‘layotgan voqealar haqida yozmoqda. Yaqinda uyi xuddi shunday vaziyatga duch kelgan “Gazeta.uz” jurnalisti Viktoriya Abdurahimova ham bu haqda xabar berdi.

Mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari O‘zbekiston qonunlarini qo‘pol ravishda buzadi. Ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonun boshqaruv usulini tanlash erkinligi boshqaruvning asosiy tamoyillaridan biri ekanini belgilaydi. Boshqaruv usuli binodagi uy egalarining umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, “mahalliy davlat hokimiyati organlari va ularning mansabdor shaxslarining ko‘p qavatli uylarni boshqarish organlari faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi” ta’kidlangan.

Shunisi e’tiborliki, boshqaruv shaklini o‘zgartirishni talab qiluvchi mansabdor shaxslar ko‘p yillar davomida qonunga “tez orada” o‘zgartirishlar kiritilishini va UJMShlar baribir boshqaruv kompaniyasiga almashtirilishi kerakligini takrorlamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil boshida o‘sha yil oxirigacha Toshkent shahrining barcha tumanlarida boshqaruv kompaniyalarini joriy etish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi, “xizmatlaridan aholi rozi bo‘lgan shirkatlar va uy-joyni bevosita boshqaruvchilar bundan mustasno”.

2022-yil avgust oyida prezident qarori bilan Bosh prokuratura, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Markaziy bank, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga “muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud bo‘lmagan va moliyaviy-iqtisodiy holati barqaror ko‘p kvartirali uylarning boshqarish organlari faoliyatiga aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligini“ni ta’minlash vazifasi yuklangan edi.

Qurilish vazirligi nima dedi?

Vazirlik bayonotida ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunga, jumladan, boshqaruv usuli mulkdorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan va aholining roziligi asosida belgilanishi haqidagi normalarga havola keltirilgan.

Xalq tomonidan tan olinib kelinayotgan boshqaruv organlari faoliyatiga asossiz aralashish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, vazirlikning ta’kidlashicha, “har bir soha davr talabiga mos ravishda doimiy takomillashtirilib borilishi kerak. Bunda sohani yanada qulaylashtirish, undagi ishlamaydigan mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy yondashuvlar asosida tizimni tartibga solish muhim ahamiyatga ega”.

“Ko‘p xonadonli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirish, buning asnosida aholiga yanada qulay sharoit yaratishni ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlar natijasida bugun sohada sog‘lom raqobat muhiti shakllandi. Aholida ham o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uylarga nisbatan daxldorlik hissi oshib, boshqaruv organidan kerakli xizmatlarni talab qilish, faoliyatini baholash jarayonida faol ishtirok etish madaniyati shakllanmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Qurilish vazirligi.