Vladimir Zelenskiy tinchlik muzokaralarida Ukraina nazoratidagi Kursk viloyatining bir qismini Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Ukraina hududining bir qismiga almashtirishni taklif qilmoqchi edi, ammo Kreml bu taklifga munosabat bildirib, “Bu imkonsiz” deya javob qaytardi.

Zelenskiy The Guardian nashriga bergan intervyusida bunday degandi:

“Biz bir hududni boshqasiga almashtiramiz. Bilmadim, ko‘ramiz. Bizga barcha hududimiz muhim, bunda hech qanday ustuvorlik yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya bilan muzokaralarga tayyor, biroq Ukraina ularga kuch pozitsiyasidan chiqishini xohlaydi. Ukraina rahbari Amerika kompaniyalariga tiklanish shartnomalari va sarmoyaviy imtiyozlar taklif qilishini aytdi. Bu bilan u Rossiya-Ukraina urushini tugatishga intilayotgan AQSh prezidenti Donald Trampni o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qiladi, deb yozadi The Guardian.

Prezident, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini faqat Yevropa davlatlari berishi haqidagi takliflarni tanqid qildi. “Yevropa amerikaliklarsiz xavfsizlik kafolatlarini taklif qila oladi, degan ovozlar bor va men har doim „yo‘q“ deyman. AQShsiz xavfsizlik kafolatlari — haqiqiy bo‘lmagan xavfsizlik kafolatlari”, — dedi Ukraina rahbari.

Fransiya prezidenti Makronning Ukrainaga Yevropadan tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasini izohlar ekan, Zelenskiy bunday missiya keng miqyosda joylashtirilsa, ish berishini ta’kidladi. “Biz [tinchlikparvar] kontingent tarafdorimiz, agar u xavfsizlik kafolatining bir qismi bo‘lsa. Men yana bir bor ta’kidlaymanki, AQShsiz bu ilojsiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Bu imkonsiz”

Rossiya Ukraina bilan muzokaralarda bosib olingan hududlarni almashish mavzusini muhokama qilmaydi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov taklifga javoban.

“Buning iloji yo‘q. Rossiya hech qachon o‘z hududini ayirboshlash mavzusini muhokama qilmagan va qilmaydi ham. Albatta, Ukraina qo‘shinlari bu hududdan chiqarib yuboriladi. Yo‘q qilinmaganlarning barchasi quvib chiqariladi”, — dedi Kreml vakili.

  • Ukraina Qurolli kuchlari 2024-yil avgust oyida Kursk viloyati hududida hujum boshlagandi. Rossiya qo‘shinlari hozirgacha mintaqaning barcha hududlarini to‘liq o‘z nazoratiga qaytara olmagan.
  • Rossiya-Ukraina urushining tugashi — Tramp prezidentlik kampaniyasining asosiy nuqtalaridan biri. Ammo hozircha AQSh mojaroni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy rejani taqdim etgani yo‘q.
  • The Telegraph xabariga ko‘ra, AQSh NATO ittifoqchilari bilan muzokaralar olib borish va “Yevropaga muzokaralar stolidan joy berish” uchun Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini ishlab chiqishni to‘xtatgan.
  • Zelenskiyning 14−16-fevral kunlari Germaniyada bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etishi kutilmoqda. Konferensiyaning birinchi kunida u AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashishi, Myunxendagi uchrashuvdan oldin esa Ukrainaga Tramp jamoasi vakillari kelishi kutilmoqda.