Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi xalqaro ko‘p funksiyali transport va logistika xabi BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining (BMT QBOKB) Global ta’minot tarmog‘i ombori maqomini oldi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Tadbirda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Indrike Ratvatte, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Mahl, QBOKB mintaqaviy vakili Dumitru Lipkanu, uning Afg‘oniston bo‘limi rahbari Arafat Jamol, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston TIV, bojxona va chegara xizmatlari rahbariyati va boshqalar ishtirok etdi.
Mazkur xab 2022-yilda prezident tashabbusi bilan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan Afg‘oniston va boshqa davlatlarga yuborilayotgan insonparvarlik yordamini qabul qilish, saqlash va jo‘natishni ta’minlash maqsadida Termez Cargo Center kompaniyasi negizida tashkil etilgan edi. Ushbu yuk markazidan 2021-yildan buyon BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha logistik xab sifatida foydalanib kelinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev BMT bosh assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etishda birlashishga chaqirar ekan, afg‘on xalqiga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami zaiflashmasligi kerakligini ta’kidlagandi.
QBOKB global tarmog‘iga Ammon (Iordaniya), Dubay (BAA), Nayrobi (Keniya), Akkra (Gana), Duala (Kamerun), Kopengagen (Daniya) va Panama Siti (Panama) shaharlarida joylashgan yettita ombor majmuasi kiradi. Har yili ushbu infratuzilma insonparvarlik inqirozlariga tezkorlik bilan javob berish uchun 500 mln dollardan ortiq qiymatdagi hayotni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy mahsulotlarni (chodirlar, ko‘rpa-to‘shaklar, oshxona jihozlari, dori-darmonlar va boshqalar) yetkazib beradi.
Qayd etilishicha, qiyin xalqaro muhitni va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj odamlar soni ortib borayotganini hisobga olgan holda BMT va uning agentliklari aholining zaif qatlamlariga yordam berish uchun asosiy resurslarni yetarli darajada ta’minlashga harakat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Termiz shahrining Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan strategik joylashuvi, bu yerda yaratilgan transport-energetika infratuzilmasi, shuningdek, malakali kadrlar mavjudligi uni global tarmoqqa integratsiya qilish qarorida asosiy omil bo‘ldi. Termiz markazi QBOKBning sakkizinchi xalqaro omboriga aylandi, deyiladi xabarda.
Marosimda so‘zga chiqqan Ismatulla Irgashev Termiz shahridagi xab xalqaro hamkorlik, ishonchlilik va samaradorlik ramzi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat insonparvarlik yetkazib berish tarmog‘ini mustahkamlashga, balki hudud rivojiga, yangi imkoniyatlar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.
BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Indrike Ratvatte O‘zbekiston tomoniga Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam ko‘rsatishdagi faol sa’y-harakatlari, shuningdek, BMTning tegishli idoralari bilan yaqin hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
U Termiz shahrida yaratilgan infratuzilmani yuqori baholadi va bu operatsion xarajatlar va xatarlarni kamaytirish orqali BMTning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishini qayd etdi. “Biz „hech kimni ortda qoldirmaslik“ tamoyili asosida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz”, — dedi u.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Mahl tadbir respublikaning ko‘p tomonlama hamkorlik tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatishini va uning xalqaro gumanitar tashabbuslarning faol ishtirokchisi sifatidagi rolini kuchaytirishini ta’kidladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston tomoni yaratayotgan imkoniyatlar tufayli favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan millionlab insonlar amaliy yordam oladi.
QBOKBning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili vazifasini bajaruvchi Dumitru Lipkanu tashkilot Termiz markazining xalqaro darajadagi gumanitar operatsiyalar uchun strategik afzalliklariga bir necha bor ishonch hosil qilganini ta’kidladi. “Markazni global tarmog‘imizga integratsiya qilish uning infratuzilmasi va logistika imkoniyatlaridan uylarini tark etishga majbur bo‘lgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yanada samarali foydalanish imkonini beradi”, — dedi u.
Tashkilotning Afg‘onistondagi vakili Arafat Jamolning so‘zlariga ko‘ra, Termiz logistika markazi orqali QBOKBning favqulodda vaziyatlarda ta’minotni boshqarish tizimini kengaytirishdan Afg‘oniston katta foyda ko‘radi.
“Shu bilan birga, ushbu markazning ahamiyati Afg‘oniston chegaralaridan ham tashqariga chiqadi. Bu global miqyosda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish choralarini kuchaytiradi, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi, ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni faollashtiradi”, — deya qo‘shimcha qildi u.