USAID bilan shartnoma asosida ishlaydigan tashkilotlar va kompaniyalar, jumladan, Amerika advokatlar assotsiatsiyasi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini tugatish bo‘yicha noqonuniy harakatlarda ayblab, Kolumbiya okrugi federal sudiga da’vo arizasi kiritdi, deb yozmoqda Reuters.
Da’vo bo‘yicha javobgarlar sifatida Tramp, Davlat departamenti va Oq uyning ma’muriy-budjet boshqarmasi ko‘rsatilgan.
“Ushbu da’voning maqsadi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va boshqa federal xorijiy yordam dasturlarini moliyalashtirish hamda boshqarishda tartibsizlikni keltirib chiqargan, da’vogarlar va boshqa grant oluvchilar, pudratchilar va hamkorlarga og‘ir va tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazgan ijro etuvchi hokimiyatning noqonuniy va konstitutsiyaga zid ravishda amalga oshirilishini taqiqlashdan iborat”, — deyiladi da’vo arizasida.
Da’vogarlarning ta’kidlashicha, javobgarlar AQSh Kongressi tomonidan tashkil etilgan federal agentlikni yopish yoki AQSh qonun chiqaruvchilari tomonidan ajratilgan mablag‘ni to‘xtatish uchun qonuniy vakolatga ega emas.
“Na prezident, na uning qo‘l ostidagilar tegishli ravishda qabul qilingan qonunlarni buzish va Kongress qonunchilik orqali bildirgan moliyalashtirish afzalliklarini o‘zgartirish vakolatiga ega emas”, — deyiladi da’vo arizasida.
“Javobgarlar federal tashqi yordam tizimini demontaj qilishdi: moliyalashtirishdan mahrum bo‘ldi, xodimlardan ayrildi, asosiy vazifalarni bajara olmayapti va oxir-oqibat Davlat departamenti tomonidan yutib yuborilmoqda”, — deyiladi arizada.
Da’vogarlarning ta’kidlashicha, USAID mavjud shartnomalar bo‘yicha moliyalashtirishni to‘xtatgan, jumladan, gap bajarilgan ishlar uchun yuzlab million dollarlar haqida ketmoqda. Natijada, USAID`ning butun dunyo bo‘ylab ishlarining katta qismini bajaradigan pudratchilar “xodimlarni ishdan bo‘shatishga, mahalliy subyektlar bilan munosabatlarni uzishga va o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda”, — deyiladi da’vo arizasida.
Da’vogarlar Trampning xalqaro yordamni muzlatish, USAID`ni moliyalashtirishni bekor qilish hamda uni tugatish kabi farmonlarini konstitutsiyaga zid deb topish va taqiqlash choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.
Bu Tramp ma’muriyatining USAID`ga nisbatan xatti-harakatlari yuzasidan berilgan uchinchi da’vodir, deya aniqlik kiritdi Reuters. Dastlabki ikkita da’vo AQSh davlat xizmatchilari kasaba uyushmasi va Amerika davlat xizmatchilari federatsiyasi tomonidan berilgan.
O‘tgan hafta Vashingtondagi sud davlat xizmatchilari kasaba uyushmasi iltimosnomasini qondirib, USAID`ning ta’tilga chiqarilgan 2700 ga yaqin xodimi 14-fevralgacha ishga qaytishi mumkinligi haqida qaror chiqargan. 15-fevral kuni sud muddatni uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Tramp Oq uyga qaytgach, Amerikaning boshqa davlatlarga yordamini ajratishni 90 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Qaror birinchi navbatda 1961-yilda tashkil etilgan USAID`ga ta’sir qildi.
Avvalroq Tramp ma’muriyati USAID`ni mustaqillikdan mahrum qilib, uni Davlat departamenti nazoratiga o‘tkazishni, shuningdek, agentlik xodimlarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
AQSh dunyodagi eng yirik insonparvarlik yordami donori bo‘lib, unga mamlakat budjetining 1 foizidan kamrog‘i sarflanadi. 2023 moliya yilida USAID 130 dan ortiq davlatga, jumladan, Ukraina, Efiopiya, Iordaniya, Kongo Demokratik Respublikasi, Somali, Yaman va Afg‘onistonga 40 milliard dollardan ortiq (shu jumladan, Kongress tomonidan agentlikka ajratilgan 25 milliard, qolgan qismi Davlat departamenti tomonidan ajratilgan) yordam ko‘rsatdi. O‘zbekiston ham USAID yordamini oluvchilar qatoriga kiradi — 1993-yildan beri bu ko‘rsatkich 650 million dollardan oshgan.