Samarqand viloyati Jomboy tumanida ichida yo‘lovchilari bo‘lgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga viloyat YHXB matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, holat 11-fevral kuni 7:00 atrofida M-39 avtomobil yo‘lining 1079-kilometrida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi tashuvchi Zhongtong avtobusi harakatlanib kelayotib ko‘prik ustida YTHga uchragan Cobalt bilan to‘qnashgan.
Avtobus yengil mashinaning holatini inobatga olmasdan tezlikni me’yoridan oshirib kelgani oqibatida tormozni keskin bosgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda avtobus ag‘darilib ketganini ko‘rish mumkin.
Oqibatda bir nafar yo‘lovchi — 68 yoshli erkak tibbiyot birlashmasida vafot etgan. Jabrlanganlar bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.