Iqtisodchi, Texas universiteti professori Botir Qobilov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida davlatning iqtisodiyotdagi roli nima uchun minimal bo‘lishi lozimligini tushuntirdi.
2018-yili iqtisodchi “Biznes labaratoriyasi” ko‘rsatuvida “Iqtisodiyotni ko‘tarish emas, ko‘tarilishiga xalal bermaslik kerak”, deb ta’kidlagandi. Intervyuda unga hozir ham shu fikrda ekani yoki yo‘qligi haqida savol berildi.
“Menimcha, bu g‘oya hozir ham aktual. Har doim aktual bo‘lgan. Iqtisodiyotda davlatning roli qanday degan savolga doimiy javobim: iqtisodiyotda davlatning ishtiroki imkon qadar kam bo‘lishi kerak. Davlatning yagona roli yozilgan o‘yin qoidalarini amalga oshirish. Chunki davlat o‘yin qoidalarini yozmaydi. O‘yin qoidalarini jamiyat o‘zi parlament orqali yozadi”, — dedi iqtisodchi.
Uning fikricha, davlatning o‘zi qandaydir sohalarning yoki qandaydir individual korxonalarning targ‘ibotchisi sifatida iqtisodiyotda ishtirok etishi faqat va faqat ziyon keltiradi.
“Davlatning kuchi, bilimi bozordagi holatni bilishga yetmaydi. Jan Tirolning [fransiyalik iqtisodchi, Nobel mukofoti sovrindori — tahririyat] gapiga qaytadigan bo‘lsak, biz nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini bilmaymiz. Agar kamtar bo‘lib tan oladigan bo‘lsak, biz hech narsani bilmaymiz. Ayniqsa, davlat, byurokratik apparatda qaysi sanoat yoki yo‘nalish faoliyati kelajakda yaxshi bo‘lishini, qaysi sanoat yoki korxonani saqlab qolish xalq manfaatiga xizmat qilishini bilish qobiliyati yo‘q. Men bu g‘oyadan yiroqman”, — dedi Texas universiteti professori.
Botir Qobilovning aytishicha, buni bilish uchun juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lish va ularni tahlil qilish talab etiladi.
“Davlatda bunday qobiliyat yo‘q. Shuning uchun aksariyat hollarda davlat noto‘g‘ri sanoatlarni, noto‘g‘ri korxonalarni chempion sifatida oldindan tanlab qo‘yadi. Kim g‘olib bo‘lishini oldindan tanlab qo‘yadi. Nafaqat tanlab qo‘yadi, o‘sha g‘oyani davom ettirish uchun soliq to‘lovchilarning xarajatlarini noto‘g‘ri taqsimlaydi, noto‘g‘ri rag‘batlar yaratib qo‘yadi va shuning natijasida iqtisodiyotda balans buziladi”, — dedi u.
Suhbatni to‘liq quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin: