Daniyalik faollar AQSh prezidenti Donald Trampning Qo‘shma Shtatlar Daniyaning avtonom hududi — Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi kerakligi haqidagi bayonotiga javoban Kaliforniyani AQShdan sotib olish bo‘yicha satirik petitsiya boshladi, deb yozmoqda CNN. Uni allaqachon 200 mingdan ortiq kishi imzolagan.
““Siz qachondir xaritaga qarab, o‘ylaganmisiz: “Bilasizmi, Daniyaga nima kerak? Ko‘proq quyosh, palmalar va rolikli konkilar”… Keling, Kaliforniyani Donald Trampdan sotib olamiz! Ha, yanglish eshitmadingiz. Kaliforniya bizniki bo‘lishi mumkin”, — deyiladi Denmarkification (“Danifikatsiya”) saytida e’lon qilingan petitsiya matnida.
Petitsiyada Kaliforniyaning bir qator afzalliklari, jumladan, “Yilda 300 quyoshli kun”, “texnologik ustunlik”, avakado plantatsiyalari va “Disneylend” mavjudligi keltirilgan. Oxirgi nomni esa “Hans Kristian Andersenlend” deb o‘zgartirish taklif qilinmoqda.
“Viking shlemidagi Mikki Maus? Ha, marhamat”, — deb yozadi petitsiya mualliflari va Daniya Kaliforniyaga “ulkan erkinlik” berishi mumkinligini qo‘shimcha qilindi.
Ularning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti “Kaliforniyaning eng katta ishqibozi emas” va Tramp “to‘g‘ri narx evaziga” u bilan xayrlashishga tayyor bo‘lishiga ishonch bildirgan.
“Fuqarolarning xohish-irodasi-chi? Xo‘sh, keling, haqiqatga tik qaraylik — bu uni qachon to‘xtatdi? Agar Tramp Kaliforniyani sotmoqchi bo‘lsa, u Kaliforniyani sotadi”, — deyiladi petitsiyada.
Murojaat mualliflari buning uchun 1 trillion dollar (“plyus-minus bir necha milliard”) yig‘ishni taklif qilmoqda. Agar sotib olinsa, ular Kaliforniyaning nomini Yangi Daniya deb o‘zgartirishni, shuningdek, shtatga Daniya qadriyatlarini olib kelishni taklif qildi: Gollivuddagi hyugge, Beverli-Hillzga velosiped yo‘laklari va ko‘chaning har bir burchagiga organik smørrebrød.
Petitsiyaning pastki qismida shunday deb yozilgan: “Mas’uliyatdan voz kechish: bu kampaniya 100 foiz real… faqat bizning orzularimizda”.
Kampaniya tashabbuskori Ksave Dyutuaning AR`ga aytishicha, bu g‘oya uning xayoliga Filippinda ta’tilda bo‘lganida — amerikalik sayyoh Trampning Grenlandiya haqidagi taklifini baland ovozda muhokama qilayotganini eshitganida — kelgan.
“Bu amerikalik, ayniqsa, AQSh kabi barqaror demokratiya hisoblanadigan mamlakatda, har qanday davlat prezidenti uchun boshqa suveren davlat hududini bosib olish taklifi yoki tahdidining qanchalik g‘ayritabiiy va bema’ni ekanini tushunmaganga o‘xshaydi”, — deb ta’kidladi u.
Voqealar rivoji
Tramp birinchi marta 2019-yilda, o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan edi. Prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng u bu masalani yana ko‘tardi.
“Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Buni menga ancha oldin, nomzodimni qo‘yishdan ancha oldin aytishgan edi. Aytmoqchimanki, odamlar bu haqda anchadan beri gapirishadi. Sizlarda taxminan 45 ming kishi bor. Odamlar aslida Daniyaning unga qonuniy huquqi bor-yo‘qligini ham bilishmaydi, lekin agar bor bo‘lsa, undan voz kechishlari kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Bu erkin dunyo uchun. Men erkin dunyoni himoya qilish haqida gapiryapman”, — dedi Tramp 2025-yil yanvarida.
Shuningdek, u orol ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun harbiy yoki iqtisodiy bosim o‘tkazishi mumkinligini ham istisno qilmadi.
“Bunday holatga kelishimizni tasavvur qilish uchun tasavvurim yetmaydi”, — dedi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Trampning tahdidlariga munosabat bildirarkan.
AQShning Grenlandiyaga qiziqishi ortib borayotgani yaxshi, ammo bu orol aholisiga nisbatan “hurmat” bilan amalga oshirilishi kerak, dedi u.
Trampga Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede ham javob qaytardi. “Grenlandiya Grenlandiya xalqiga tegishli. Kelajagimiz, mustaqillik uchun kurash — bizning ishimiz. Boshqalar, jumladan, daniyaliklar va amerikaliklar ham o‘z fikriga ega bo‘lishga haqli bo‘lsa-da, biz isteriya va tashqi bosimga berilmasligimiz kerak… Kelajak bizniki va uni biz shakllantirishimiz kerak”, — dedi u.
CNN`ning yozishicha, Trampning maslahatchilari va ittifoqchilari Daniya rasmiylarini uning Grenlandiyani sotib olish niyati jiddiyligi haqida ogohlantirgan. Daniya hukumati, o‘z navbatida, Trampning Grenlandiyaga bo‘lgan ishtiyoqini tushunmaydi, chunki AQSh allaqachon orol bilan o‘n yillik mudofaa shartnomasiga ega, bu esa u yerda Amerika harbiy ishtirokini sezilarli darajada oshirish imkonini bergan.