O‘zbekistonda 2025−2026 o‘quv yilidan respublikaning har bir tuman va shahrida bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyati tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning 7-fevraldagi 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi farmonida aytilgan.
Hujjatga ko‘ra, shuningdek, yangi baholash tizimi joriy etiladigan umumta’lim maktablar soni 3 mingtaga yetkaziladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida qo‘l mehnati bilan yaratilgan asarlar, o‘quvchilar tomonidan chizilgan rasmlar va ijodiy ishlarni o‘z ichiga olgan “Ekologik burchaklar”, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ekologik yo‘lakchalar”, maktablarda I va III chorakning so‘nggida “Tabiatni asrashda mening hissam” mavzusida turkum tadbirlar tashkil etiladi. O‘quv yili yakunida esa respublika miqyosida “Eng namunali eko maktab” tanlovi o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, avval xabar qilinganidek, 2025-yil 1-fevraldan maktablarda o‘zbek tili fanidan dars beruvchi va milliy baholash tizimida tegishli sertifikatga ega o‘qituvchilarga har oyda tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida ustama to‘lanadi.
2025-yil 1-maydan “Toza qo‘llar” dasturi doirasida barcha ta’lim muassasalarining qo‘l yuvish joylari zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi.
Yil davomida bog‘chalar mavjud bo‘lmagan olis va chekka hududlarda maktabgacha ta’limning muqobil shakli bo‘lgan mobil guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun elektron va video darsliklar yaratiladi hamda mobil qurilmalar orqali foydalanish uchun maxsus moslashtirilgan platforma yaratiladi.
“Raqamli kutubxona” tizimining kitoblarga buyurtma berish moduli joriy etiladi. Umumta’lim maktablari tabiiy fanlar laboratoriya jihozlari, sport jihozlari va milliy musiqa cholg‘u asboblari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari:
- maktablar uchun 65 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari yaratiladi;
- maktablarna 500 nafar xorijiy mutaxassislar jalb etiladi;
- nodavlat maktablar soni 700 taga yetkaziladi.
2025-yil oktabr-dekabr oylarida maktab o‘quvchilari o‘rtasida gimnastika bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” sport musobaqasi o‘tkaziladi.
Shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchi-trenerlari rivojlangan xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. Intellektual o‘yinlarni rivojlantirish maqsadida ta’lim muassasalarida shaxmat to‘garaklari joriy etiladi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni nufuzli xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash choralari ko‘riladi. Ta’lim muassasalari ehtiyojdan kelib chiqqan holda chiqindi konteynerlar bilan ta’minlanadi.
Avvalroq, farmonga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilida Green University sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni boshlashi, yirik shaharlarda “yashil texnikumlar” paydo bo‘lishi xabar qilingandi. Davlat OTMlarida aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha grant asosida ta’lim kvotalarini 25 ming o‘ringa yetkazish ko‘zda tutilmoqda.