Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo birinchi sammitida ishtirok etish uchun 3−4-aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deb xabar berdi YIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligidagi sammitda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Avvalroq marosimni o‘tkazish joyi sifatida Samarqand tanlangan edi. Aslida sammit 2024-yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq o‘tgan yili YeI yangi hukumat tuzgani sababli bu 2025-yilga ko‘chirilgan.

“Sammit YIga Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan geosiyosiy manfaatdorligini namoyish etish uchun asosiy imkoniyat bo‘ladi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy bosqinchilik urushi va Afg‘onistonda davom etayotgan voqealar bilan ifodalangan o‘zgaruvchan geosiyosiy manzarada YI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tobora strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda”, — deyiladi bayonotda.

Sammit davomida YI o‘zaro manfaatli sohalarda, jumladan, transport va raqamli aloqa — mintaqa ichida va YI bilan, strategik xomashyo, iqtisodiyot va xavfsizlik, toza va samarali energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlashi kutilmoqda.

“Biz tartibsizlik va bo‘linish dunyosida yashayapmiz, Yevropa Ittifoqi uchun yagona yechim tinchlik va farovonlik yo‘lida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Ko‘p qutbli dunyoda yanada faol va maqsadli o‘zaro aloqalar zarur. YI — Markaziy Osiyo birinchi sammiti xalqaro huquqni to‘liq hurmat qilgan holda tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘lida birgalikda ishlashga bo‘lgan sadoqatimizni mustahkamlaydi”, — dedi Antonio Kosta.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oktabr oyida Qozog‘istonda va 2023-yil iyun oyida Qirg‘izistonda YI va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkita uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Bundan tashqari, qator vazirlar uchrashuvlari o‘tkazilgan, ularning eng so‘nggisi 2023-yilda Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan va unda YI hamda Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasiga kelishib olingan.

4-mart kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida YI — Markaziy Osiyo vazirlarining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va sammitga tayyorgarlik ko‘riladi.

2019-yilda YI mintaqaning YI manfaatlari uchun ortib borayotgan strategik ahamiyatini ta’kidlaydigan Markaziy Osiyo uchun yangi strategiyasini qabul qilgandi. Yangilangan strategiya mintaqa yanada kuchliroq, tahdidlarga chidamliroq, farovon va o‘zaro chambarchas bog‘langan iqtisodiy va siyosiy makonga ega bo‘lishi uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan yanada kuchliroq va inklyuziv hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan .

YI mintaqaning ikkinchi yirik savdo sherigi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi barcha investitsiyalarning 40% dan ortig‘ini tashkil etuvchi eng yirik investor hisoblanadi. Ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun YI Turkmanistondan tashqari barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni (KShHB) kelishib olgan. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston bilan ushbu hujjat hali imzolanmagan.