Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi xonadonda gaz portlagani aks etgan video tarqaldi.

Viloyat FVBning xabar qilishicha, holat 12-fevral kuni soat 18:00 atrofida tumanning Guliston mahallasidagi uylardan birida sodir bo‘lgan. IIBdan olingan xabarga ko‘ra, voqea joyiga soat 22:00 atrofida viloyat FVB va G‘ijduvon tuman IIB mas’ul rahbarlari hamda 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan.

Hodisa gaz sizib chiqib to‘planishi hamda chiroq yoqilishi oqibatida havo gaz aralashmasi portlashi sodir bo‘lgan. Portlashdan so‘ng yong‘in yuzaga kelmagan, deyiladi xabarda.

Videoda bir kishi portlash sodir bo‘lishidan oldin uy yonidan o‘tib ketayotgani, yana bir kishi yonayotgan holda xonadondan yugurib chiqqanini ko‘rish mumkin.

FVB matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.