O‘zbekistonda raqamlashtirish orqali iqtidorli sportchilarni izlash, saralash va tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi. Bu haqda 13-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Buning uchun alohida raqamli platforma ishga tushiriladi. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning u yoki bu sport turi bo‘yicha qobiliyati aniqlanadi va bu ma’lumotlar elektron platformaga kiritiladi.

Sport maktablari ana shu mezonlar asosida yoshlarni tanlab, ularni jismonan va ruhiy jihatdan tayyorlaydi. Sportchilarning kundalik natijalari va yutuqlari ham yagona elektron tizimga joylashtiriladi.

Sport federatsiyalari eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlarni terma jamoa yig‘inlariga taklif etib, saralash ishlarini olib boradi. Terma jamoalarga jalb etilgan yoshlar uchun jismoniy ko‘rsatkichlarni monitoring qilishning raqamli tizimi yaratiladi. Sportchilarning ko‘rsatkichlari xorijiy yoki tor soha mutaxassislariga onlayn yuborilib, tavsiyalar olish imkoni yaratiladi.

Sportchilar kasal bo‘lganida, ular qanday dori vositalarini iste’mol qilishi mumkin yoki mumkin emasligi bo‘yicha platformada onlayn konsultatsiyalar berib boriladi. Buni hisobiga doping bilan bog‘liq noxush holatlarni oldi olinadi, deyiladi yig‘ilishda.