12-fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunlarga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etishni, bunday garov xati bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarishni, u bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazishni va undan foydalanishga doir boshqa mexanizmlarni belgilashni, shuningdek, talab qilish huquqlari hamda garov xati tugatish massasiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bunda, “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:
- Elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qo‘yuvchi tomonidan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi kelishuv (qo‘shimcha kelishuv) shaklini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida to‘ldirish orqali amalga oshiriladi;
- Elektron garov xatlari bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron garov xatiga doir huquqlar oluvchining depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran unga o‘tadi va depo hisobvarag‘idan ko‘chirma bilan tasdiqlanadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.