Parlament Majlisi deputati Irina Smirnova Qozog‘istondagi xorijiy nohukumat tashkilotlari faoliyatidan xavotir bildirdi va xorijiy agentlar to‘g‘risidagi tegishli qonunni qabul qilishni taklif etdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.
“Biz, Qozog‘istonning barcha fuqarolari, bizga taqdim etilayotgan ma’lumotlar qayerdan kelayotganini tushunishimiz kerak. U bizga o‘zini mustaqil jurnalist deb tanishtiradimi yoki pul to‘lagan jurnalist deb? Ko‘pincha bu ma’lum bir kun tartibini olgan va pul to‘langan odamlar tomonidan taqdim etiladi. Ba’zida bu kun tartibi mamlakatimiz uchun zararli, buzg‘unchi bo‘ladi… Chet eldan kimdir jamiyatimizni larzaga soladigan, yoshlarimizni buzadigan begona qadriyatlarni tiqishtirayotgani fuqarolarimizga yoqmaydi. Qozog‘istonliklar o‘zgalar o‘yinining asiri bo‘lishni istamaydi”, — dedi Smirnova.
U o‘tgan yalpi majlisda deputatlar USAID`ning Qozog‘istondagi faoliyatiga oid deputatlik so‘rovini e’lon qilganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 200 ga yaqin nodavlat tashkilot xorijiy moliyalashtirishni oladi, ularning 70 foizi AQShdan turli manbalar orqali moliyalashtirilgan. Shuningdek, deputat hukumatning rasmiy ma’lumotlarini misol qilib keltirdi, unga ko‘ra, Qozog‘istonda grantlarni 165 ta turli donorlar taqdim etadi. Shundan 53 tasi xalqaro tashkilotlar, 31 tasi xorijiy davlat tashkilotlari, 81 tasi xorijiy va Qozog‘iston nodavlat notijorat tashkilotlari.
“USAID bilan bog‘liq voqeada bo‘lgani kabi, amerikaliklarning o‘zlari ham o‘zlari moliyalashtirayotgan davlat ommaviy axborot vositalarining buzg‘unchiligini tan olishmoqda, eskilik sarqiti deb atashmoqda. Bugun „Ozodlik“ saytiga kirgan kishi bunga yaqqol ishonch hosil qilishi mumkin. Bu yerda yangi maktab qurilishi, yo‘l, amalga oshirilgan islohotlar, qozog‘istonliklarning qandaydir g‘alabalari haqida birorta ham material yo‘q, faqat tanqid va salbiylikni kuchaytirish”, — dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, dunyoda shunga o‘xshash muammolarga duch kelgan mamlakatlar xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilish orqali ularga qarshi turganiga misollar ko‘p. “Masalan, bunday turdagi qonunlar Isroilda 2016-yildan, Xitoyda 2017-yildan, Avstraliyada 2018-yildan, Buyuk Britaniyada 2023-yildan, Fransiyada 2024-yildan beri ishlaydi”, — dedi deputat.
- Gruziyada mazkur mazmundagi qonunning qabul qilinishi norozilik va namoyishlarga sabab bo‘lgan. Muxolifat vakillari va mahalliy OAV Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshashligi uchun hujjatni “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun” deb ataydi. Ularning ta’kidlashicha, qonun loyihasi Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning YeIga qo‘shilish imkoniyatlarini izdan chiqarishga urinishdir. Gruziya Konstitutsiyaviy sudi “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiqqan va uni bekor qilishni rad etgan.
- O‘tgan yilning kuzida Turkiya hukumati “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilmoqchi ekani, uni buzganlik uchun yetti yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilishi haqida xabar berilgandi. Fuqarolik jamiyati, OAV va muxolifat qonunning o‘zgacha fikrlarni bostirish uchun foydalanilishidan xavotirda.