10-fevral kuni Turkiyada Samarqand va Konyaning birodar shaharlar maqomida hamkorlik qilishi bo‘yicha protokol imzolandi, deya xabar bermoqda “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.
Hujjatni Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi prezidenti, Konya shahri meri Ibrohim Altay va Samarqand hokimi Fazliddin Umarov imzoladi.
Protokol doirasida tomonlarning o‘zaro hurmat, ishonch va tenglik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni rivojlantirish maqsadlari mustahkamlangan. Xususan, tajriba almashinuvi, iqtisodiy hamkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, sport, turizm, tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, ekologiya, energetika, madaniyat, san’at, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, investorlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Hozirda O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada hokimlar uchun o‘tkazilayotgan malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibida “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov ham bor. Ibrohim Oltoy bilan suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va uni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Konya Turkiyaning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lib, boy tarixi va madaniy merosi bilan mashhur. Bundan tashqari, u muhim sanoat va qishloq xo‘jaligi markazi hisoblanadi. Konyada ilmiy tadqiqotlar va IT-sektor taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi universitetlar va texnoparklar joylashgan.