O‘zbekistonning Litvadagi yangi tayinlangan elchisi Timur Rahmonov (bir vaqtning o‘zida Latviyadagi elchi, qarorgohi Riga shahrida) 11-fevral kuni prezident Gitanas Nausedaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda Dunyo axborot agentligi.

Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Litva prezidenti rasmiy Vilnyus va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanib borayotganini yuqori baholadi. 2024-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Litvaning yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.

Nauseda, shuningdek, Litva tomoni O‘zbekistonning YeI doirasidagi tashabbuslarini va Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 5-avgustda o‘rnatilgan. 2024-fevralida O‘zbekistonning Latviya, Litva, Finlyandiya va Estoniyadagi elchisi Qadambay Sultonov faoliyatini yakunlagandi. Shundan so‘ng Timur Rahmonov shu yil 17-iyun kuni Latviya prezidenti Edgars Rinkevichga ishonch yorliqlarini topshirgan.

Qayd etilishicha, 47 yoshli diplomat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi faoliyatini 1999-yilda boshlagan.

O‘tgan yillar davomida u vazirlik markaziy apparatida, shuningdek, O‘zbekistonning Polsha, Italiya va Ispaniyadagi elchixonalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2017−2018-yillarda esa TIVning Urganch shahri hududiy boshqarmasi boshlig‘i, Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

Timur Rahmonov 2021—2024-yillarda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsul lavozimida ishlagan. Uning konsullik okrugiga Rossiyaning Sibir federal okrugi kirgan.