O‘zbekistonda mahkumlar kitob o‘qishi orqali jazo muddatini qisqartirishi mumkin bo‘ladi. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, qonunchilikka xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.

Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob o‘qishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha yangi 74−1-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, faqat jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ushbu kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.

Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tarbiyalash yo‘li bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlashni belgilash bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536−1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80−1-moddasi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi 49 ta jazoni ijro etish muassasalarining barchasida kutubxonalar mavjud bo‘lib, ularda 230 mingdan ortiq kitob, jumladan, 44,7 mingdan ortiq xorijiy kitoblar, Brayl alifbosida yozilgan 209 ta kitob to‘plangan.

2012-yilda Braziliya federal qamoqxonalarida tashabbus ishga tushirildi, unga ko‘ra tasdiqlangan ro‘yxatdagi har bir o‘qilgan kitob qamoq muddatini to‘rt kunga, ammo yiliga 48 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga qisqartirdi. Buning uchun mahbuslar o‘qigan materiallari bo‘yicha insho yozishlari kerak edi.

Qozog‘istonda 2021-yildan beri Qarag‘anda viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida sinov loyihasi amalga oshirilmoqda, unga ko‘ra mahkumlar taklif qilingan adabiyotlardan ma’lum miqdordagi kitoblarni o‘qib, ularni komissiyalarga omma oldida so‘zlab berishadi va insho yozishadi. Shundan so‘ng komissiya mahkumlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida xulosa chiqaradi, bu esa saqlash sharoitlarini o‘zgartirish va muddatidan oldin ozod qilishga ta’sir qiladi.