Ukraina va Rossiyadagi urushda bedarak yo‘qolganlar soni bir yil ichida ikki baravar ko‘payib, 50 ming kishiga yetdi. Bu haqda Reuters Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ)ga tayanib xabar berdi.
“O‘tgan yili XQXQ tomonidan qayd etilgan bedarak yo‘qolganlar soni 23 ming kishini tashkil etgandi. Bir yil o‘tgach, bu raqam ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. XQXQ bedarak yo‘qolganlarning 50 mingga yaqin holatini hujjatlashtirdi”, — dedi tashkilotning mojarolarni kuzatish bo‘yicha markaziy agentligi byurosi rahbari Dusan Vuyasanin Jenevadagi jurnalistlarga.
Bedarak yo‘qolganlarning qariyb 90 foizi harbiy xizmatchilar va ayollardir, deya qo‘shimcha qildi u.
Urush boshlangan 2022-yil mart oyidan beri XQXQ o‘zining Markaziy kuzatuv agentligi byurosi orqali bedarak yo‘qolgan odamlarni qidirishni muvofiqlashtirib kelmoqda, bunda Rossiya va Ukraina xalqaro tashkilot bilan ma’lumot almashadi.
Tashkilot xabar qilingan bedarak yo‘qolganlar sonining “eksponensial o‘sishi”ni — oyiga o‘rtacha 1000 dan 5000 gacha — ziddiyatning kuchayishi va oilalar uchun onlayn hujjatlashtirish kabi hisobot berish mexanizmlarining yaxshilanishi bilan izohladi.
XQXQ birinchi marta 2022-yildan beri Ukraina va Rossiyadan har ikki tomon bedarak yo‘qolgan odamlarni hibsda ushlab turgani haqida 16 mingta xabarnoma olganini ma’lum qildi.
- Yaqinda Zelenskiy urush boshlanganidan buyon ukrainalik 45 100 nafar harbiy halok bo‘lgani, 390 ming nafari yaralangani haqida xabar bergandi. Prezident Rossiyaning yo‘qotishlariga ham to‘xtalib, taxminan 350 ming harbiy halok bo‘lganini aytgan, yana 50−70 ming nafari bedarak yo‘qolgani, 600−700 ming nafari jarohatlanganini qo‘shimcha qilgan.