Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Majlisda davlat rahbari olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surgan.
Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlarini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Ta’kidlanishicha, Milliy Olimpiya qo‘mitasiga prezident rahbar bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.
Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.
Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qo‘mitasida hisobot beradi.
Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Bu yilning o‘zida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.