Ombudsman tomonidan fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlari bo‘yicha undirib berilgan mablag‘lar 1 mlrd 832,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasida ma’lum qilindi.

Hisobot yilida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 23 ming 422 ta murojaatlar kelib tushgan.

2024-yilda ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va idoralariga, mansabdor shaxslarga 182 ta (2022-yilda 134 ta, 2023-yilda 170 ta) taqdimnoma, talabnoma, ariza va da’vo arizalari hamda xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan.

2024-yilda ombudsman tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralari 2023-yilga nisbatan 7 foizga, 2022-yilga nisbatan 35,0 foizga oshgan. Ta’sir choralarining 140 tasi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, ombudsman tomonidan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga 39 ta (2023-yilga nisbatan 11 foizga ko‘p) taqdimnoma kiritilgan va ularning 30 tasi ijobiy yechim topgan. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilishi natijasida fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga kiritilgan 92 ta ariza va da’vo arizalarning 82 tasi hal etilgan.

Ombudsman tomonidan mehnatga oid huquqlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi tufayli fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlari bo‘yicha undirilgan mablag‘lar 1 mlrd 832,9 mln сўмни tashkil qilgan. 20 nafar fuqaro ishga tiklangan, 7 ta holatda ish beruvchining xodimga nisbatan noqonuniy harakatlari bartaraf etilgan.

2024-yilda ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 902 marotaba (2023-yilda 603 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashga erishilgan.