O‘zbekiston aholisining 56 foizida ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammo bor. Bu haqda prezident raisligidagi ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, aholining 44 foizi jismoniy faol emasligi, 36 foizi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilmasligi aniqlangan.

“Aholi o‘rtasida boshoqli, donli mahsulot, meva-sabzavotlar iste’moli keskin kamayib, tuz va shakar iste’moli ortib borayotgani xavotirlarni yanada kuchaytiradi. Oqibatda odamlarning 56 foizida ortiqcha vazn, 38 foizida qon bosimi bilan bog‘liq muammo bor. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar erta o‘limga sabab bo‘lmoqda”, — deya qayd etilgan selektorda.

Shu bois, “Sog‘lom inson — sog‘lom millat” umummilliy harakati boshlanadi.

Mutasaddilarga sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘iboti bilan har bir oilani qamrab olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yo‘nalishda xalqchil va ta’sirchan ijtimoiy roliklar tayyorlab, har kuni markaziy telekanallarda namoyish etish lozimligi ta’kidlandi.

Umuman, bu masalalarni qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish zarurligi, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunni qisqa muddatda tubdan qayta ko‘rib chiqib, bugungi zamon talablariga moslashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.