Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 13-fevraldagi yig‘ilishida “Proaktiv pensiya tayinlash tizimiga o‘tish to‘g‘risida”gi qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi, deb xabar berdi parlament quyi palatasi.
Hujjat davlat xizmatlari sifatini oshirish va pensiya tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar erkaklarga 60 yoshga, ayollarga 55 yoshga to‘lganda avtomatik ravishda pensiya tayinlash imkonini beradi.
Hozirda fuqarolar pensiya olish uchun ariza berishi va to‘lovlarga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Endilikda bu jarayon tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida axborot almashinuvi doirasida avtomatlashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova mazkur o‘zgarishlar tufayli yiliga o‘rtacha 250 ming nafar fuqaroning Pensiya jamg‘armasi va davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelmasligi, bu esa vaqt va mablag‘ni tejash imkonini berishi haqida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023-yil 31-oktabrdagi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-martdan pensiya tayinlashning proaktiv shaklini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi pensiya tizimidagi yangiliklardan tashqari barcha turdagi nafaqalarni tayinlash va to‘lash vakolatlarini Ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga ehtiyojmand toifadagi fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jarayonini optimallashtirish imkonini beruvchi o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.