Janubiy Koreya Transport vazirligi o‘tgan oyda Air Busan aviakompaniyasi samolyotida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng aviatsiya xavfsizligi qoidalarini kuchaytirish choralarini e’lon qildi, ular parvozlarga ruxsat etilgan portativ batareyalar soni va turini cheklashni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Reuters xabar berdi. Choralar 1-martdan kuchga kiradi.

Janubiy Koreyaning Air Busan aviatashuvchisiga tegishli Airbus samolyoti 28-yanvar kuni Janubiy Koreyaning janubiy qismidagi Gimhe xalqaro aeroportida Gonkongga uchishga tayyorgarlik paytida yonib ketgandi.

Yangi xavfsizlik choralariga ko‘ra, yo‘lovchilarga 100 vatt-soatgacha bo‘lgan beshta portativ batareyani olib yurishga ruxsat beriladi, 160 vatt-soatdan ortiq batareyalar esa bortga qo‘yilmaydi.

Xavfsizlik tekshiruvlari batareyalar soni va turlarini tekshirishni o‘z ichiga oladi, samolyotda portativ batareyalarni quvvatlantirish taqiqlanadi, deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘tgan haftada Air Busan aviakompaniyasi tomonidan qabul qilingan xuddi shunday qarorni takrorlagan holda, vazirlik yo‘lovchilarga kabinalardagi yuk javonlariga qo‘yiladigan yuklarda poverbank hamda elektron sigaretlarni olib yurishni taqiqlashini bildirdi.

Ushbu qaror portativ batareyalarning yonib ketishi bilan bog‘liq xavotirlarni bartaraf etish maqsadida qabul qilingan, biroq Air Busan samolyotidagi yong‘in sababi hali aniqlanmagan, deyiladi vazirlik xabarida.

Yong‘inni birinchi bo‘lib bort kuzatuvchisi samolyotning orqa tomonidagi yuk javonida aniqlagan, deyiladi aviakompaniya xabarida. Bortdagilarning barchasi xavfsiz evakuatsiya qilingan.

Jahon aviatsiya standartlariga ko‘ra, akkumulyatorlarni bagajga joylashtirmaslik kerak, chunki ular shikastlanish yoki ishlab chiqarishdagi nosozliklar tufayli qisqa tutashuvga uchrasa, kuchli yong‘in chiqishi mumkin.