Prezident tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar berdi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Hujjatga ko‘ra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzurida Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi va muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari, jumladan, quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish;
  • tahliliy materiallarni tayyorlash va tadqiqotlarni o‘tkazish uchun grantlar ajratish;
  • ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish.

Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Bu kengashga jamg‘arma mablag‘larini milliy va xorijiy valyutalarda bank depozitlariga joylashtirish ruxsat beriladi. U, shuningdek, grantlar va beg‘araz texnik ko‘mak vositalarini jalb qila oladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga to‘lov asosida tadqiqotlar natijalari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish hamda tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlarini berish ham kengash huquqlaridan hisoblanadi.