O‘zbekistonda mahallalar kesimida “Aholining jismoniy faolligi reytingi” yuritiladi. Bu haqda prezident raisligida 13-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, o‘tgan yili ommaviy sport musobaqalarida yoshlar qamrovi 10 millionga yetdi. Lekin yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilishga barcha tumanlarda birdek e’tibor qaratilmayapti.

Misol uchun, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning o‘tgan yilgi mavsumida tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 150 ming yoshlarning atigi 15 foizi sport maktablariga tanlab olingan, deyiladi xabarda.

Endilikda har haftada mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari o‘tkazib boriladi. Ularga nogironligi bo‘lgan shaxslar keng jalb etiladi. Yil yakuni bilan eng faol oilalarga trenajerlar beriladi, eng yaxshi mahallalarda sport maydonchalari qurilib, jihozlanadi.

Majlisda, shuningdek, maktab o‘quvchilarini sportga jalb etishning bugungi holati ham talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Endi har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida 1 tadan to‘garak bo‘lishi shartligi belgilandi.

Buning uchun Sport vazirligi o‘z tizimidagi barcha sport maktablari trenerlarini umumta’lim maktablaridagi jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga biriktiradi.

Federatsiyalar har bir tumanda bittadan umumta’lim maktabini tanlab, o‘z yo‘nalishidagi sport turiga moslashtiradi. Ularni malakali murabbiy va sport inventarlari bilan ta’minlaydi.

Maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar seleksiya qilib boriladi, maktablar esa kerakli sport inventari bilan ta’minlanadi. Natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari alohida rag‘batlantiriladi.