O‘zbekistonda hududlardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning “seleksiya bazasi”ga aylanadi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan majlisda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda barcha viloyatlardagi sport boshqarmalari boshliqlari hamda barcha sport maktablari direktorlarining faoliyatini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sport boshqarmalari boshliqlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan uch oylik sinov tayinlandi.
Mutasaddilarga har bir maktab bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab, uch yillik dastur qilish topshirildi.
Jismoniy tarbiya universiteti, Nukus, Farg‘ona, Samarqand kabi sport fakulteti bo‘lgan oliygohlar professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarining olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Ular diplom ishi va dissertatsiyalarini bevosita joylardagi muammolardan kelib chiqib yozishi va ularga amaliy yechim berishi muhimligi ta’kidlandi.
Oliygoh rektorlari yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual ta’limning ilmiy-amaliy bazasiga aylantiradi.
Yig‘ilishda, shuningdek, endilikda har haftada mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari o‘tkazib borilishi ko‘rsatib o‘tildi. Ularga nogironligi bo‘lgan shaxslar keng jalb etiladi. Shu bilan birga, mahallalar kesimida “Aholining jismoniy faolligi reytingi” yuritiladi.
Maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar seleksiya qilib boriladi, maktablar esa kerakli sport inventari bilan ta’minlanadi. Natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari alohida rag‘batlantiriladi.