13-fevral kuni Toshkent metropolitenining Buyuk Ipak yo‘li bekatida hojatxona hamda onalar va bolalar xonasi ishga tushdi, deb xabar berdi holat guvohi bo‘lgan “Gazeta.uz” muxbiri.

метро, metroda hojatxona, hojatxona

Ma’lumot lavhasidan (u o‘zbek, ingliz va rus tillarida yozilgan) ko‘rinadiki, hojatxonadan foydalanish narxi — 3 ming so‘m. Undan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, nogironligi bor shaxslar, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, nafaqadagi fuqarolar, Chernobil falokati ishtirokchilari, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bepul foydalana oladi. Buning uchun ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak.

Toshkent metropolitenining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, hozirda Amir Temur, Beruniy, Paxtakor bekatlarida ham hojatxona qurish ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning fevral oyida poytaxt metropolitenining “Chilonzor” bekatida sinov tariqasida ona va bola xonasi hamda hojatxona ishga tushirilgan edi. Noyabr boshida bekatlarning birida bir shaxs hojatini chiqargani aks etgan video tarqalgan edi. Shundan so‘ng tarmoqlarda metroda hojatxonalarni ko‘paytirish borasida munozaralar ko‘paygach, metroning 9 ta bekatida shunday xizmatlarni yo‘lga qo‘yish rejasi ma’lum qilindi.

Yuqorida qayd etilganlardan tashqari, Mustaqillik maydoni, Olmazor, Chorsu, Do‘stlik va Bodomzor bekatlarida ham hojatxona qurilishi ko‘zda tutilgan.