AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng Oq uyda jurnalistlar oldida chiqish qildi va Rossiya-Ukraina urushi yakuni haqidagi savollarga javob berdi. “Gazeta.uz” Amerika yetakchisining asosiy tezislarini keltiradi.

Trampning aytishicha, u Putin bilan “juda yaxshi suhbat” o‘tkazgan va Rossiya prezidenti “buning (Ukrainadagi urush — tahr.) tugashini istaydi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkalasi ham bir-biri bilan uchrashuvni kutmoqda.

“Biz u bu yerga [AQShga] kelishini kutmoqdamiz, men esa u yerga [Rossiyaga] boraman va biz Saudiya Arabistonida ham uchrashamiz… nima qila olishimizni ko‘ramiz. Lekin urushni tugatmoqchimiz. Bu katastrofa”, — dedi Tramp.
AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, ushbu uchrashuv sanasi esa “hali belgilanmagan”, biroq u “yaqin kelajakda” bo‘lib o‘tishi mumkin.

Uchrashuvda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etadimi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: “Ehtimol, biz birinchi uchrashuvni o‘tkazamiz, keyin esa ikkinchisi bilan nima qilish mumkinligini ko‘ramiz”. Shuningdek, u Kiyevga tashrif buyurish haqida “o‘ylab ko‘rishini” aytdi.

Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi, biroq uning ma’muriyati “katta yutuqlarga erishganini” ta’kidladi.

Tramp Ukrainaning NATOga a’zoligini “real” deb hisoblamasligini aytdi va AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning chorshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida qilgan bayonotiga qo‘shildi. “U buni ehtimoldan yiroq va amaliy emas deb hisoblaydi. Menimcha, u haq. Prezident Putindan ancha oldin ular [Rossiya hukumati] bunga yo‘l qo‘ymasliklarini aytishgandi… Ular Ukraina NATOga kira olmasligini aytishgan”, — dedi AQSh prezidenti.

“Ukrainani tinchlik jarayonining to‘laqonli a’zosi sifatida ko‘rasizmi?” degan savolga Tramp “Ukraina hukumati “tinchlik o‘rnatishi kerak”ligini aytdi. “Ularning odamlari o‘ldirilmoqda. Menimcha, ular sulh tuzishlari kerak bo‘ladi”, — dedi u.

AQSh Ukrainaga yordam berishda davom etmoqda, aks holda, “Putin g‘alaba qozondim deb o‘ylagan bo‘lardi”, dedi Tramp, biroq Kiyevdan bu mablag‘larni qaytarish kafolatini talab qilganini ta’kidladi. “Ukraina bunga rozi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Tramp Ukrainaning 2014-yildagi chegaralariga qaytishini “ehtimoli kam” deb atadi, biroq Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarning bir qismi Kiyev nazorati ostiga qaytishini istisno qilmadi.

  • 12-fevral kuni Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha “zudlik bilan muzokaralarni boshlash”ga kelishib olgan. Keyinroq Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Kiyev va Vashingtonning “Rossiya agressiyasini to‘xtatish” bo‘yicha qo‘shma qadamlari muhokama qilingan. O‘z navbatida, Tramp Ukraina prezidenti “Putin kabi sulh tuzishni xohlayotganini” ta’kidladi.