Toshkent hamda Navoiy viloyatlarining ayrim hududlarida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari tasdiqlandi.
Toshkent viloyatining Bekobod va Nurafshon shahri hamda Zangiota tumanida tarif QQS bilan bir kishiga 7840 so‘m miqdorida belgilandi (2023-yil noyabr oyidan 4400 so‘m, +1,8 baravar), yuridik shaxslar uchun esa QQS bilan bir metr kub uchun 82 880 so‘m (68 320 so‘m, +21,3%).
Tariflar Ibroximjon ishonch, Shabnam-obod-servis, Ahmadjon omad baraka, Dilshod Murodbaraka, Metal-mexanik-master, Orzu ishonch fayz, Dilxumor servis, Obod hudud servis, Iskandar servis luks, Maks qur lider maxsus maxsus hamda Nurafshon-obod-hudud kompaniyalariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri hamda Xatirchi, Navbahor, Nurota va Konimex tumanlari uchun yagona tariflar tasdiqlandi. Jismoniy shaxslar uchun narx bir kishi uchun QQS bilan 4950 so‘mni (eski tarif 3600 so‘m), yuridik shaxslar uchun QQS bilan 80 080 so‘mni (eski tarif 63 400 so‘m) tashkil etadi.
Belgilangan to‘lov tarifi Mironshox komfort servis sanitar tozalash korxonasi uchun amal qiladi. Shuningdek, maishiy chiqindilarni joylashtirish, saqlash, utilizatsiya qilish, zararsizlantirish xizmati uchun Navoiy viloyati bo‘yicha 1 metr kub — 20 160 so‘m (QQS bilan) hamda 1 tonna — 48 933 so‘m (QQS bilan) etib tasdiqlandi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yagona tariflar prezident va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida belgilanmoqda. Ta’kidlanishicha, majburiy yagona tariflar xizmatlar sifatini oshirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Fevral oyi boshida Toshkent viloyatining aksar hududlari va Surxondaryoning barcha hududlarida ham chiqindi xizmati uchun to‘lov tarifi belgilangan. Bu haqdagi qarorlar xalq deputatlari viloyatlar kengashlari tomonidan sanitariya-tozalash xizmatlari sifatini oshirish maqsadida qabul qilingan.
2023-yilning noyabr oyida Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Samarqand viloyatlari va Samarqand shahrida, o‘sha yilning dekabr oyida esa Buxoro va Namangan viloyatlarida chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha yagona tariflar belgilangan edi.
O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Qonunchilik palatasi maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovni cheklash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Deputatlar tuzatishlarni faol muhokama qildi va natijada cheklovlar kiritilgunga qadar qarzni to‘lash uchun 5 kun vaqt berishga qaror qildi. Hujjat Senatga yuborilgan.