14-fevralga o‘tar kechasi Rossiyaning fugasli jangovar qismga ega zarba beruvchi droni Chernobil atom stansiyasining vayron bo‘lgan to‘rtinchi energobloki ustida qurilgan izolyatsiya inshootiga kelib tushdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, dron izolyatsiya inshootiga zarar yetkazgan va yong‘inni keltirib chiqargan, u allaqachon o‘chirilgan. “Hozirgi vaqtda radiatsiya foni ko‘tarilmagan va bu doimiy ravishda kuzatib borilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, himoya boshpanasiga jiddiy zarar yetgan”, — dedi Zelenskiy.

“Ukraina bu boshpanani Yevropa va dunyoning boshqa davlatlari bilan, Amerika bilan — odamlar uchun haqiqiy xavfsizlikni istagan har bir kishi bilan birga qurdi. Dunyoda bunday obektlarga hujum qilishi, atom stansiyalari hududini egallashi va oqibatlari bilan umuman hisoblashmasdan jang qilishi mumkin bo‘lgan yagona davlat bu — bugungi Rossiya. Va bu butun dunyo uchun terrorchilik tahdidi”, — dedi Ukraina prezidenti.

Chernobil 1986-yilda to‘rtta reaktordan biri portlab, dunyodagi eng og‘ir yadroviy falokat sodir bo‘lgan joy sanaladi. Ushbu reaktor hozirda saqlanib qolgan radiatsiyani ushlab turish uchun sarkofag deb nomlanuvchi himoya boshpanasi bilan o‘ralgan.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) stansiyadagi portlashni tasdiqladi. “13-fevraldan 14-fevralga o‘tar kechasi soat 01:50 atrofida MAGATE guruhi Chernobil atom elektr stansiyasida sobiq Chernobil atom elektr stansiyasining to‘rtinchi reaktori qoldiqlarini himoya qiluvchi Yangi xavfsiz konfaynment (YAXK)dan portlash ovozini eshitdi, bu esa yong‘inga olib keldi. Ularga uchuvchisiz uchish apparati YAXK tomiga qulagani haqida xabar berildi”, — deyiladi tashkilot xabarida.

Foto: IAEA / X

MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t o‘chirish xizmatlari bir necha daqiqa ichida ishga kirishgan. “Hozirgi vaqtda YAXK ichki qismida buzilish belgilari yo‘q. Ichki va tashqi radiatsiya darajasi normal va barqaror bo‘lib qolmoqda. Qurbonlar haqida xabar berilmagan”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik.