Kam ta’minlangan oilalar farzandlariga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlandi. Shuning uchun kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Yana bir yangilik — iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitishning yangi tizimi joriy etildi. Loyiha “Yorqin iste’dod” deb nomlanadi.
Mazkur loyiha doirasida har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.
Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning top-100 oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Xorijda ta’lim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi, ular davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.