Yutong Bus (Xitoy) kompaniyasi Toshkent shahri uchun quvvatlantirish uskunalari bo‘lgan 200 dona elektrobus yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati.
Tanlovda Xitoyning uchta kompaniyasi ishtirok etdi: BYD Auto Industry, Yutong Bus va Zhongtong Bus Holding.
“Yutong Bus talablarga to‘liq javob bera olgan kompaniya sifatida tanlov g‘olibi deb e’lon qilindi”, — deyiladi xabarda.
Kompaniya xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Syuy Pen boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkentga tashrifi doirasida transport vaziri Ilhom Mahamov bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, jamoat transportini “ekologik toza” turlari bilan yangilash, avtobuslarga servis xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi, deya qayd etdi “Toshshahartransxizmat”.
Transport vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, poytaxtga yana 1000 ta avtobus sotib olish bo‘yicha istiqbolli loyiha ham ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar tomonidan elektrobuslarni sotib olish uchun qulay sharoitlar yaratish bilan bog‘liq jihatlar ham muhokama etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil bahorida Toshkentga 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobus hamda 300 ta 12 metrli elektrobus keltirilgandi. 2022-yil boshida esa Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta elektrobus olib kelingan. Hududlarda ham avtobus parklari bosqichma-bosqich yangilanmoqda.