2025-yil oxirigacha Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarda eskirgan 452 ta lift almashtiriladi. 13-fevral kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov shahar infratuzilmasini 2025−2026-yillar kuz-qish mavsumida foydalanishga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Poytaxt hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda 9101 ta lift mavjud bo‘lib, ulardan 2042 tasi yoki 22,4 foizining foydalanish muddati tugagan. 2025-yil oxirigacha 2042 ta eski liftdan 452 tasi (22,1%) yangilanadi.
Yangilanadigan liftlarni tanlash mezonlari 25 yildan ortiq xizmat muddati va texnik talablarga mos kelmaslik hisoblanadi. Xavfsizlik standartlari past bo‘lgan liftlar ustuvor ravishda almashtiriladi.
Hujjatga ko‘ra, eng ko‘p liftlar Shayxontohur (63), Sergeli (58) va Mirzo Ulug‘bek (44) tumanlarida yangilanadi.
Mirobod va Yunusobod tumanlarida 41 ta, Chilonzorda 42 ta, Olmazorda 35 ta, Uchtepada 22 ta, Yakkasaroyda 25 ta, Yangihayotda 17 ta, Bektemirda 6 ta lift almashtiriladi.
Eskilari o‘rniga o‘rnatiladigan liftlar OSTEN brendi ostida bo‘lib, “Texnopark”da ishlab chiqariladi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil aprel oyida lift import qiluvchi korxonalar muvofiqlik sertifikatlarining amal qilish muddati tugagani sababli lift importi ma’lum muddatga to‘xtatilgan edi. O‘shanda biznes ochiq raqobat talab qilgan. Muammo Senat aralashuvi bilan barham topdi — senatorlarning iltimosidan so‘ng sertifikatlar berish qayta tiklangan.
Keyinchalik Raqobat qo‘mitasi lift importi muammosini hal qilish uchun hukumat va Geologiya vazirligiga takliflar kiritdi. Xususan, tadbirkorlarning bekor qilingan 17 ta muvofiqlik sertifikatini tiklash, liftlarni sinovdan o‘tkazish xizmatlari bozoriga xususiy sektorni jalb qilish taklif etildi.