O‘zbekistonda fuqarolardan ishga kirishda pasport, mehnat va pensiya daftarchasi talab qilinmaydi. Bu Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Hujjat bilan davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsning pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni so‘ramaydi. Balki axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali mustaqil ravishda oladi.
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Qonunga ish haqi saqlanmaydigan ta’til davomiyligini belgilash tartibi, xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi hamda xodimlar kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ham kiritilmoqda.
Bundan tashqari, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etilishi belgilandi.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyuldan shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning my.gov.uz`dagi elektron shakli rasman tan olinishi xabar qilingandi. Ularning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroport, vokzal kabi tegishli hujjatlarni so‘raydigan tashkilotlarda talab etilmaydi.